Iqlim o‘zgarishlari hozirgidek davom etadigan bo‘lsa, 2100-yilga borib Janubiy Osiyoning ayrim hududlaridagi harorat insonning hayot kechirishiga to‘g‘ri kelmaydigan ahvolga aylanadi. Bu boradagi tadqiqotlarni amerikalik hamda xitoylik olimlar Science Advances ilmiy jurnalida chop etdi, deb xabar berdi “Interfaks”.
Olimlarning aniqlashicha, inson faoliyatining ta’siri sabab Osiyoning janubidagi odam ko‘p istiqomat qiladigan mamlakatlarning to‘rtdan uch qismi — Hindiston, Pokiston va Bangladesh yashash uchun xavfli hududlarga aylanadi. Shu bilan birga mintaqaning 4 foiz aholisi maxsus jihozlarsiz yashab bo‘lmaydigan issiq va namlik sharoitida hayot kechirishiga to‘g‘ri keladi.
Time jurnalining ekspertlar fikriga tayanib yozishicha, yuqori harorat mintaqadagi qishloq xo‘jaligi sektoriga ta’sir qilishi sabab iqtisodiy ko‘rsatkichlar tushib ketadi. Bundan tashqari haroratning ko‘tarilishi infratuzilmaga zarar keltirishi mumkin.
“Biz ma’lum haroratni hisobga olgan butun boshli infratuzilmani yaratdik. Agarda harorat ko‘tarilsa, unga qarshi chora ko‘rishimiz uchun moddiy imkoniyatlarimiz bo‘lmaydi”, — deya Time jurnali Sirakuza universiteti professori Metyu Xuber so‘zlaridan parcha keltirdi.
Izoh (0)