O‘zbekiston hukumati mamlakatning Jahon banki tomonidan har yili tayyorlanadigan “Biznes yuritish” hisobotidagi o‘rnini mustahkamlash bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda. Qaror loyihasi muhokama uchun chop etildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Hujjatda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun mavjud sharoitlar xalqaro me’yorlar talablariga javob bermaydi.
“Alohida davlat organlarining rahbarlari va ishchilari tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni amalga tatbiq etishni yetarli darajada amalga oshirmaydi”, — deyiladi matnda.
Loyihada O‘zbekistonning “Biznes yuritish” reytingidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadigan doimiy idoralararo komissiya tuzish taklif etilmoqda. Komissiyaning ishchi organ Savdo-sanoat palatasi bo‘ladi.
Komissiyaga davlat organlari bilan biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq choralarni amalga oshirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tahlil qilish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif tayyorlash, shuningdek, biznes sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotgan davlat organlari rahbarlariga nisbatan chora ko‘rish takliflari bilan chiqish singari vazifalar yuklanadi.
Rejalashtirilgan tadbirlar natijasida O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni yiliga o‘n pog‘onaga ko‘tarilib borishi aytilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston “Biznes yuritish” reytingida 80-o‘rinda bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 40-o‘ringa yetishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi Toshket hokimiyati bilan birgalikda biznes uchun sharoitni yaxshilash doirasida taklif etilayotgan choralar samaradorligini baholash uchun yarim yillik asosda kamida yuzta tadbirkorlik subyekti orasida so‘rov o‘tkazib borishi belgilandi.
Boshqa takliflar orasida “Biznes yuritish” jamoasi ekspertlari tomonidan Samarqand va Namangan viloyatlaridagi ishbilarmonlik muhitini alohida submilliy hisobot shaklida baholash va tahlil qilish ishlarining o‘tkazilishi hamda ushbu hisobot doirasida O‘zbekistondagi biznes muhitini yaxshilash borasida takliflar ishlab chiqilishi yuzasidan Jahon bankiga so‘rov bilan chiqish ham bor.
Izoh (0)