Samarqanddagi Darg‘om kanali yonidan noma’lum erkak kishining boshida jarohatlari bilan jasadi topildi. Jinoyat tez orada fosh etildi, deb xabar beradi Uz24.
Surishtiruv ishlari natijasida marhum Urgut tumanida yashagan fuqaro ekani ma’lum bo‘ldi. Unga tegishli Nexia rusumli avtomashina Samarqand shahrining Amir Temur ko‘chasidan eshiklari qulflangan holda topilib, ko‘zdan kechirish jarayonida avtomashinaning ba’zi joylarida qon dog‘lari borligi aniqlandi.
Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida marhum jazmanining uyiga kelib, rashk oqibatida unga tan jarohati yetkazganligi, ayol mahalla raisidan uni tartibga chaqirib qo‘yishni so‘raganligi va shu kuni tungi soat o‘nlarda mahalla raisi ayolning uyiga kelib, erkak uxlab yotganligidan foydalanib, boshiga bolta bilan urib o‘ldirganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng ayol va mahalla raisi jinoyatni yashirish uchun jasadni Darg‘om kanaliga olib borib tashlagan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)