O‘zbekistonning 6362 fuqarosi Rossiya qamoqxonalarida turli sabablarga ko‘ra jazo o‘tamoqda. Bu haqda RT tayyorlagan hisobotda aytildi.
Hisobotda aytilishicha, 2017-yilning birinchi yarmidagi holatga ko‘ra, Rossiyada jami 29397 nafar xorijlik fuqaro qamoqda o‘tiribdi.
MDH davlatlari o‘rtasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinda Tojikiston — uning 8002 fuqarosi ushbu ro‘yxatga kirgan. Ikkinchi o‘rinda O‘zbekiston (6362 mahbus), Ukraina (4761 mahbus) va Ozarbayjon (2350 mahbus) turibdi.
“Vatandosh” mintaqalararo o‘zbek vatandoshligi uyushmasi prezidenti Usmon Baratov o‘zbekistonliklar orasida jinoyat sodir etganlar ko‘pligini tan olgan holda, ularga tuhmat qilinishi ham ko‘p uchrashini ta’kidlab o‘tdi.
“Ayrimlarga shunchaki jinoyatni ilib qo‘yishadi, — dedi u. — Men hozir Istraga ketyapman, u yerda go‘yoki bir onaxonni zo‘rlamoqchi bo‘lgani iddao qilinayotgan besh nafar o‘zbekistonlikni qamashibdi. Ayol 62 yoshdi, ichkilikka mukkasidan ketgan, ko‘chada yashaydi. U bolalardan aroq uchun pul so‘ragan, narigilar bermagani uchun zo‘ravonlik haqida shikoyat yozish bilan tahdid qilgan”.
2016-yilda 925948 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada ishlash uchun patent olgan.
Izoh (0)