Amerikalik rejissor Zak Snayderning o‘rniga “Adolat ligasi” blokbasterini suratga olish ishlariga rahbarlik qila boshlagan Joss Uidon syujetni bog‘lovchi bir qancha sahnalarni tasvirga tushirishga qaror qildi. Meduzaga ko‘ra, qo‘shimcha syomka ishlariga 25 million dollar sarflandi.
Variety nashriga ko‘ra, aktyorlarning vaqtlarini muvofiqlashtirish masalasi tufayli syomka jarayoni ancha qiyinlashgan. Ayniqsa Supermen roli ijrochisi Genri Kavill bilan muammolar kelib chiqqan.
Kavill parallel ravishda “Bajarib bo‘lmas missiya” filmining oltinchi qismida suratga tushayotgan edi. Uning mazkur filmdagi qahramoni mo‘ylabga ega. “Missiya” uchun javobgar Paramount studiyasi aktyorga mo‘ylabini qirib tashlashga ruxsat bermadi, shu bois “Adolat ligasi”da mo‘ylabli Supermen suratga tushishiga to‘g‘ri keldi.
Postprodakshn bosqichida superqahramonning yuzidan mo‘ylab o‘chirib tashlanadi. Unga qadar esa Twitter foydalanuvchilari bu borada o‘z fantaziyalarini namoyish etmoqda.
“Adolat ligasi” shu yilning noyabrida katta ekranlarga chiqadi.
Izoh (0)