Bir muddat ilgari Toshkent shahridagi Do‘mbirobod qabristonining bir qator uchastkalarida daraxt kesish ishlari vaqtida qabrtoshlar, yodgorliklar buzilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan edi. Toshkent shahar IIBB voqeani o‘rganib chiqib, bu borada bayonot bilan chiqdi.
“23-iyul kuni Chilonzor tumanida joylashgan Do‘mbirobod qabristonidagi qabrlar ustiga o‘rnatilgan yodgorlik toshlari noma’lum shaxslar tomonidan buzilgani haqida maqola berilgan. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida mazkur qabristonning 137-sonli kartasi o‘rganib chiqilib, aslida qabrlarning ustiga singan daraxt shoxlari tushib, qabr toshlariga zarar yetganligi ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Xabarnomada aytilishicha, holat bo‘yicha Chilonzor tumanida joylashgan 2-sonli Do‘mbirobod qabristoni direktori X.A. Nishonov, qabriston ishchilari O.S. Nuriddinov hamda R.D. Shermatovlarning tushuntirishlariga ko‘ra, joriy yilning bahor oylarida yuz bergan kuchli shamollar natijasida daraxtlar sinib, qabr toshlari ustiga tushib, ularni sindirgan. Qabriston maydoni katta bo‘lgani sababli ular barcha kartalarni tozalashga hamda ta’mirlashga ulgurmagan.
Shuningdek, hozirgi kunda daraxtlarni butash va chiqindilarni tozalash ishlari olib borilayotgani va obodonlashtirish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng singan yodgorlik toshlarini tiklash rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Izoh (0)