Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turidagi voqea uchun Xitoyning “Guanjou Evergrand” klubi OFK tomonidan jazolandi. Bu haqda “Championat.asia” nashri Reuters’ga asoslanib ma’lumot berdi.
Luis Felipe Skolari boshchilik qilayotgan “Guanjou Evergrand” guruh bosqichida Gonkongning “Istern” klubi bilan to‘qnash kelib qoldi. Tomonlarning Guanjouda kechgan birinchi o‘yinida mezbonlar 7:0 hisobida zafar quchgandi. Bundan ruhlangan xitoylik muxlislar javob o‘yinida gonkongliklarni haqoratlovchi banner ko‘tardi.
Bannerda “Britaniya itlarini yer tishlating! Gonkong mustaqilligi zaxrini bartaraf eting!” degan so‘zlarni ko‘rish mumkin edi. Futbol siyosiy ruhdagi har qanday chiqishlarni qoralaydi. Shundan kelib chiqib, OFK muxlislari uchun “Guanjou Evergrand” klubini jazolashga qaror qildi. Xitoy klubi Chempionlar ligasidagi ikki uchrashuvni bo‘m-bo‘sh stadionda o‘tkazadi va qo‘shimchasiga OFK hisob raqamiga 22,5 ming AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi.
Ma’lumot uchun, Gonkong 1842-yil britaniyaliklar tomonidan egallab olingan bo‘lib, koloniyaga aylanib qolgandi. 1997-yilga kelib esa Gonkong rasman Xitoyga qaytarilgan.
Izoh (0)