Jamoat arbobi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Facebook’dagi sahifasida “Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmi xalqaro kinofestivalda g‘olib bo‘lganini ma’lum qildi.
“Italiyaning Iskya orolida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalda ‘Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon’ nomli kinolentamiz ‘Eng yaxshi hujjatli film’ nominatsiyasida g‘olib bo‘lganini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz”, — deyiladi xabarda.
“Ushbu hujjatli film astronomiya va geometriya fanlarining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir Mirzo Ulug‘bek hayoti haqida hikoya qiladi. Dunyoning turli mamlakatlaridagi, turli yoshdagi insonlar filmni tomosha qilib, Vatanimizning buyuk o‘g‘loni haqidagi hikoya bilan tanishgach, hayratlanib tasanno aytganlarida qalbimni to‘ldiradigan hislarni so‘z bilan ifodalab berish qiyin”.
“Ijodiy guruhimizni ushbu nufuzli mukofot bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Filmning yaratilishida prodyuserlar sifatida ishtirok etib, asrlar davomida insonlarni hayratga solib kelayotgan ushbu tarixiy voqeani dunyo ahliga havola etish umr yo‘ldoshim bilan menga nasib etgani biz uchun katta sharaf”, — deb xulosa qildi Lola Karimova-Tillayeva.
Izoh (0)