O‘zbekiston Prezidenti “Abduxolik G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Baxouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi. Hujjat matni Prezidentning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Yubileylarni nishonlashdan maqsad — “butun umrini insonning ma’naviy-ruhiy kamoloti yo‘liga bag‘ishlagan buyuk vatandoshlarimiz Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi munosabati bilan ulug‘ allomalarning hayoti va faoliyatini, ular qoldirgan boy ilmiy-diniy merosning gumanistik mohiyatini chuqur o‘rganish, shu asosda xalqimizni, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash”.
Farmoyish bilan Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofik tasdiklandi. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda ushbu yubileylarni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqishi belgilandi.
Ushbu rejada:
Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Nakshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Nakshband hayoti va ijodiga oid nashrlar hamda ularning merosidan namunalarni, jumladan, xorijiy tillarda chop etish;
Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband hayoti, faoliyati, ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlardagi qo‘lyozma manbalar, ilmiy tadqiqotlar va adabiyotlar haqidagi ma’lumotlarni jamlash va nashr etish;
Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni o‘tkazish;
Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband ta’limotining asosi bo‘lgan mehnatsevarlik, vatanparvarlik, ilm-ma’rifatga intilish, mehr-oqibatli bo‘lish g‘oyalarini yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
Abduxolik G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband ziyoratgohlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ularning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat ko‘mitasi Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband qadamjolariga mahalliy hamda xorijiy ziyoratchilar va sayyohlarning keng ko‘lamli tashriflarini tashkil etish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rishi belgilandi.
Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri A. N. Aripov zimmasiga yuklandi.
Izoh (0)