Birjadan tashqari valyuta bozorida chet el valyutasini sotish va sotib olish bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda “Kommersant.uz” xabar bermoqda.
30-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi tegishli qarorni imzoladi. Markaziy bank vakillarining nashrga bildirishicha, hujjatga muvofiq bir qator o‘zgarishlar joriy etiladi.
Xususan, vakolatli banklar va mijozlar o‘rtasida chet el valyutasini sotish va sotib olish bo‘yicha operatsiyalarning o‘tkazilishida oldingi haftalarda bo‘lib o‘tgan banklararo savdo sessiyalarida qayd qilingan kurslarning o‘rta ko‘rsatkichlari qo‘llanishini ko‘zda tutadigan 19-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
Bundan tashqari, nizomning 43-bandi o‘zgartirildi. Endilikda birjadan tashqari valyuta bozorida bunday operatsiyalar vakolatli banklar tomonidan bozor kursi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Ilgari bunday operatsiyalar oxirgi banklararo savdo sessiyasida chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllangan erkin kurs asosida amalga oshirilar edi.
Izoh (0)