1-iyuldan e’tiboran O‘zbekistonning barcha hududlarida pensiya to‘lovlari Xalq bankining 2 mingta sayyor kassasi tomonidan to‘lanishi to‘liq joriy qilindi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Endilikda pensionerlar har oylik pensiyasini jadvalga muvofiq o‘zi yashayotgan fuqarolar yig‘inidan olishi mumkin. Belgilangan vaqtda pensiyasini olishga ulgurmagan shaxslarga boshqa kunlarda olish imkoni yaratilgan.
Hozirgacha bank filiallarining maxsus kassalariga naqd pullarni o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish maqsadida 590 ta Damas avtomashinasi berildi. Kelgusida joylardagi filiallar ehtiyojiga ko‘ra qo‘shimcha avtomashinalar bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, mustaqil harakatlanish hamda pensiya va nafaqalarni maxsus kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga Xalq banki xodimlari pensiya va nafaqalarni ular yashaydigan manzilga yetkazib beradi.
Pensiya mablag‘lari tarqatilishi jarayonida yuzaga keladigan muammo va shikoyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha 1106 qisqa raqamli “ishonch telefoni” tashkil etildi.
Izoh (0)