O‘zbekistonning Kiyevdagi diplomatik vakolatxonasi xorazmlik bir yashar bola Lazizbek Sharifovning hayotini saqlab qolish borasida sa’y-harakatlar olib borib, muvaffaqiyatga erishdi. Bu haqda “Jahon” agentligi xabar bermoqda.
Bolaning ota-onasi Doniyor Ollaberganov va Ruxsora Matkarimova vakolatxonaga og‘zaki murojaat qilganidan so‘ng murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga tayyorgarlik jarayoni boshlanib ketdi. O‘zbekiston vakillari vatandoshlarga imkon qadar yordam ko‘rsatdi.
Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar kardiologiyasi va kardiojarrohligi markazi direktori Ilya Yemets bilan o‘tkazilgan dastlabki maslahatlashuvlardan so‘ng yurak nuqsonining kech aniqlanishi oqibatida Lazizbekning kam vaqti qolgani ma’lum bo‘ldi. Ana shunda bolani Kiyevga yetkazib, operatsiyadan o‘tkazish qarori qabul qilindi.
Ammo bolaning ota-onasi qimmatbaho operatsiya uchun pul to‘lash imkoniyatiga ega emas edi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi palov tayyorlash xayriya aksiyasini uyushtirib, ikki kunda to‘plangan 40 ming grivna (1600 dollar) pulni xarajatlarni qisman qoplash uchun tibbiy muassasaga taqdim etdi.
Markaz rahbariyati bolaning ota-onasidan boshqa pul talab qilmadi.
Ilya Yemetsning so‘zlariga qaraganda, o‘zbekistonlik jajji mijoz og‘ir ahvolda markazga keltirilgan. Chet eldagi ko‘plab kardioklinikalar unga yordam ko‘rsatishdan bosh tortgan.
16-iyun kuni kardioxirurg Yaroslav Ivanov murakkab operatsiyani o‘tkazdi, beshinchi kunga kelib Lazizbek kardiojarrohlik bo‘limiga o‘tkazildi. Endi uning hayotiga hech narsa tahdid solmayapti.
Lazizbek bundan keyin ham bir qancha jarrohlik operatsiyalaridan o‘tkazilishi lozim, ular bolaning hayot davomiyligi va sifatini oshiradi. Asosiysi — bolada imkoniyat tug‘ildi. Va bu O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi hamda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar kardiologiyasi va kardiojarrohligi markazi hamkorligi keltirgan yagona muvaffaqiyat emas. Oxirgi yillarda markazda O‘zbekiston fuqarolariga 100 marta konsultatsiya o‘tkazildi, 20 marotaba jarrohlik aralashuvi amalga oshirildi.
Izoh (0)