O‘zbekiston futbolida hamma narsa ro‘y berishi mumkin. “Championat.asia” nashrida e’lon qilingan material buni yana bir marta isbotlaydi.
Muxlislar orasida Najafaliyevlarni tanimagani kam uchraydi, deb yozadi nashr. Ilgari Sardor Najafaliyev degan taniqli hakam bo‘lgan. Bugungi kunda u hakamlar nazoratchisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Sardor Najafaliyevning to‘ng‘ich o‘g‘li Asker Najafaliyev hozir futbol hakami. Jiyani Viloyat Najafaliyev esa o‘zi kabi nazoratchi.
O‘zbekiston Birinchi ligasining 17-turida qiziq voqea kuzatildi. Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Nurafshon” — “Mash’al” bellashuvini Asker Najafaliyev boshqarib bordi. Uchrashuvga nazoratchi etib Viloyat Najafaliyev tayinlangandi.
Agar nazoratchi hakamlikni baholaydigan va ularning kamchiliklarini belgilab boradigan shaxs bo‘lsa, ikki qarindoshning bitta uchrashuvga tayin qilinishini qanday tushunish mumkin?
Nega shunday degan savolga esa 12-turdan javob izlab ko‘rsa bo‘ladi. PFL bu kabi ishlarga panja ostidan qarashda davom etgan va Andijondagi o‘yin masalasini o‘rganib chiqmagan.
Andijonliklar safida Sardor Najafaliyevning kenja o‘g‘li Kemran Najafaliyev to‘p suradi. Shunga qaramay, PFL “Andijon”ning uy uchrashuviga hakam sifatida futbolchining akasi Askerni yuborgan. Kichik o‘g‘il zaxiradan maydonga tushgan bellashuvda andijonlik futbolchilar uzoq yo‘l bosib kelgan “Orol”ni mag‘lub eta olmagan — 1:1.
Futbolda o‘z otasining jamoasiga qarshi o‘ynagan futbolchilar, bitta jamoada to‘p suradigan aka-ukalar yoki otasining qo‘lida faoliyat olib boradigan o‘g‘illarga ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Biroq xolis bo‘lishi shart bo‘lgan futbol hakamlarining bu kabi tayinlanishini birinchi bor ko‘rdik, deb yozadi “Championat.asia” nashri.
Izoh (0)