Syurix shahrida O‘zbekiston va Shveysariya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, shuningdek, to‘qimachilik va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan o‘nga yaqin kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Forumda shveysariyalik biznesmenlarga O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyati, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘rsatayotgan xizmatlar, ikki tomonlama hamkorlik yo‘lida erishilgan natijalar va ustuvor yo‘nalishlar, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning xorijiy xaridorlar uchun tijorat takliflari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
Biznes-forum doirasida erishilgan kelishuvga muvofiq, Shveysariya va Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi import qiluvchi korxonalar, yirik savdo tarmoqlari va riteyl-kompaniyalar, tadbirkorlar uyushmalari, birlashmalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish, uni yanada faollashtirish, xususan, ushbu mamlakatlar bozorida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini eksportga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, yurtimiz tadbirkorlarining yirik ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, zarur litsenziya va sertifikatlar olish ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida tomonlar tegishli sohalarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Shveysariya kompaniyalari vakillari O‘zbekiston kompaniyalarining tijorat takliflari, hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Izoh (0)