20-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017–2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
Hujjatga keltirilgan sharhlarda aytilishicha, mamlakatda bugungi kunda yuqori malakali va yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning yaxlit tizimi shakllantirilgan. Ushbu xizmatlar aniq tashxis qo‘yish va davolashning samarali usullarini, shu jumladan, yuqori texnologik diagnostik va tezkor aralashish usullarini qo‘llash imkonini beradigan zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan respublika va hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, mazkur sohada aniq va tezkor chora-tadbirlar ko‘rishni talab etadigan qator tizimli masalalar mavjud.
Xususan, sog‘liqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirishda sezilarli darajada qoloqlik kuzatilmoqda. Mintaqalarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga tashkiliy-metodik rahbarlikning samarali vertikalini shakllantirishda respublika ixtisoslashtirilgan muassasalarining roli pastligicha qolmoqda. Diagnostika va davolashning respublika muassasalarida sinovdan o‘tgan ilg‘or yuqori texnologik usullar viloyat va tuman darajasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga sust joriy etilmoqda. Tibbiyotning ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘lga kiritilgan mahalliy va xorijiy ilmiy yutuqlarni viloyat va tuman tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etish darajasi past.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida respublikaning ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamini yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlarini belgilash, uning geografiyasini tuman (shahar) darajasigacha kengaytirish, hududiy ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining mas’uliyatini oshirish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2018-yil 1-yanvargacha imtiyozli toifa alohida hisobga olingan holda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan, shu jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan yozilish imkonini beradigan elektron dastur joriy etiladi.
Qaror bilan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirish maqsadida 373,5 milliard so‘m va 100 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 60 milliard so‘m mablag‘ Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga va 97 million AQSh dollari respublika va hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini jihozlashga yo‘naltiriladi.
Izoh (0)