O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a’zosi, faoliyatini Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubida davom ettirayotgan Timur Kapadze “Championat.asia” nashriga intervyu berdi va bir qator og‘riqli masalalar borasida so‘z yuritdi.
Kapadzening aytishicha, mamlakat milliy terma jamoasida Igor Sergeyev, Aleksandr Lobanov, Stanislav Andreyev, Davron Hoshimov kabi futbolchilarning bo‘lishi haddan oshishdir. Milliy terma jamoa futbolchilariga to‘pni ushlab turmay, oldinga tepib yuboraverish buyurilavergach, ular to‘p oyoqqa tushganda nima qilishni bilmay qoladi va uning ketidan yugurib, ko‘p kuch yo‘qotadi, charchagan holiga esa yaxshi o‘ynay olmaydi.
Yarim himoyachi O‘zbekistonda sharoitlari eng yaxshi klub sifatida o‘zi bir vaqtlar to‘p surgan “Bunyodkor”ni ko‘rsatib o‘tgan. Yuqorida aytilganidek, u hozir “Lokomotiv”da o‘ynaydi, o‘z vaqtida “Paxtakor” va “Neftchi” klublari sharafini himoya qilgan. “Buxoro” bilan o‘yinga tashrif buyurgan Kapadze jamoada sharoit yaxshi emasligi, hatto yechinish xonasida havo almashtirish tizimi ishlamasligi haqida aytgan.
Futbolchi, shuningdek, o‘zining hamkasblarini keskin tanqid qilib chiqqan Olimpiada chempioni Ruslan Nuriddinov borasida fikr bildirgan. Kapadzening aytishicha, u 10 marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, lekin 10 ta mashina olmagan. Olimpiada chempioni esa o‘zini qanday tutishni bilishi kerak.
“Oldinda ikkita o‘yin bor. Shu ahvolimizda kim meni Jahon chempionatiga chiqamiz deb ishontira oladi? Chiqa olmaydi bu ahvolida”, — deydi Timur Kapadze.
Izoh (0)