O‘zbekistonlik jangchi Anvar Boynazarov Xitoy mezbonlik qilayotgan EM-Legend turnirida yarim final chiptasini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar u ikki raqibini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
Anvar Boynazarovning chorak finaldagi raqibi tailandlik Manas bo‘ldi. Har biri uch daqiqadan iborat bo‘lgan va uch raund davom etgan jangda o‘zbekistonlik sportchi ochkolar bo‘yicha g‘olib chiqdi.
Yarim final jangini Boynazarov 9-iyul kuni o‘tkazadi. Turnirda bor-yo‘g‘i to‘rt nafar jangchi qolgani inobatga olinsa, navbatdagi g‘alaba unga final chiptasini taqdim etadi.
K-1 tik turib jang qiluvchi sportchilarning eng yaxshilarini o‘zida jamlagan jang turi hisoblanadi. Bunda boks, kikboks, muaytay, karate kabi sport turlarida o‘zini ko‘rsata olgan jangchilar K-1 yo‘nalishida ishtirok etishi mumkin.
Boynazarov Xitoyning 3 ta telekanali translyatsiya qiladigan EM-Legend musobaqasining 2016-yilgi mavsumida finalga qadar yetib borgan bo‘lib, viza bilan bog‘liq muammo sabab hal qiluvchi jangga tashrif buyura olmagandi. Qiziq tomoni, o‘shanda Boynazarov aynan tailandlik Manasga qarshi jang qilishi kerak edi. 2017-yil esa Anvar musobaqaning amaldagi g‘olibini chorak finalda yengishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)