Yakkasaroy hududida yashovchi fuqaro firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti xabar berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, 2015-yilning 20-iyul kuni, Yakkasaroy tumani hududida, muqaddam sudlangan, Husniddin Jumanazarovich Tohirov tanishi Xafiza Bo‘ronovaning ishonchiga kirib, uning jiyanini oliy o‘quv yurtiga kiritib qo‘yishini va’da qilib, undan 6 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olib, shaxsiy maqsadlariga sarflab yuborgan.
Bo‘ronova ikki yil davomida Tohirovdan pullarini qaytarib berishini talab qilganida, u turli xil bahonalar bilan aldab kelgandan so‘ng Bo‘ronova aldanib qolganligini anglab yetib, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yordam so‘rab ariza bilan murojaat etgan.
Bo‘ronovaning arizasiga ko‘ra 2017-yilning 9-iyun kuni, Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan xavfli retsidivist tomonidan sodir etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)