O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqi doirasida ikki tomonga ham yoqaman deb harakat qiladigan rahbarlar va imomlarni ularning “nomer”lari o‘tmasligidan ogohlantirdi.
Xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm muammolariga to‘xtalar ekan, davlat rahbari O‘zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga alohida urg‘u berdi.
“Shu munosabat bilan bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekistonda davlat davlatchiligini qiladi, qonun ustuvor bo‘ladi. Xudoga shukur, davlat rahbari sifatida buni ta’minlashga mening kuchim ham, bilimim va salohiyatim ham albatta yetadi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon esidan chiqarmasin”, — dedi u.
“Xalqimizda ‘Ikki kemaning boshini tutgan g‘arq bo‘ladi’, degan maqol bor. Qaysi rahbar, qaysi imom-xatib u tomonga ham, bu tomonga ham yoqaman, deb ish ko‘rmoqchi bo‘lsa, qattiq adashadi. Bizga bunday ikkiyuzlamachi, munofiq odamlar mutlaqo kerak emas”, — so‘zida davom etdi Prezident.
“Musulmonchilik har birimizning yuragimizda, vijdonimizda bo‘lishi lozim. Inson imon-e’tiqodli bo‘lsa, yurtiga sodiq bo‘lib xizmat qilsa, u haqiqiy vatanparvar bo‘ladi. Agar u e’tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, boya aytganimdek, ikki tomon bilan ham ‘o‘yin’ qilaman, bu davlat ketsa, anavilar kelib qolsa, ular bilan ham til topishaman, deb nayrang qiladigan bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, bunday ‘nomer’lar bizga o‘tmaydi”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)