Nima uchun O‘zbekistonning ba’zi qishloqlari bir necha yillardan beri gaz ta’minotidan uzilib qolgan? Xalqaro press-klubning 14-iyun kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida bu savolga “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov javob berdi.

Alisher Sultonov.
Foto: Xalqaro press-klub

So‘nggi 15—20 yil ichida gaz sohasi loyihalashtirish jihatidan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan — unga hech kim egalik qilmagan. Shu tariqa gaz-transport sohasi o‘ldi.

Gaz quvuri borgan ba’zi hududlarda hech kim hisob-kitob qilmagan, loyihalashtirish to‘g‘ri amalga oshirilmagan. Shu tariqa butun tizimni o‘ldirdik.

Alisher Sultonov, “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi

Anjumanda mamlakatning aholi hududlarini gazlashtirish masalasida ham savollar bo‘ldi. Bunga javob berarkan, “O‘ztransgaz” vakili gaz ta’minotini amalga oshirishda hisob-kitoblarning to‘liq yakuniga yetmagani so‘nggi yillarda salbiy natijalarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

Foto: Xalqaro press-klub

Oqibatda sovuq kunlarda gaz bosimining pasayishi va ta’minotda uzilish holatlari yuzaga kelmoqda. Mutasaddining qayd etishicha, tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan joylar yilma-yil o‘rganilib, mazkur hududlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Avval tabiiy gaz ta’minotidan foydalangan va yaqin bir necha yillar ichida ta’minot to‘xtatilgan hududlarga gazni qaytarish uchun “O‘zbekneftgaz” rahbari belgilangan davlat dasturlari asosida suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berish choralari ko‘rilayotganini aytib o‘tdi. Shu bilan bir qatorda, gaz ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarda uni behuda sarflanishi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.