Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning 1-iyundagi qaroriga (pdf) asosan, shaharda birinchi qavatida savdo komplekslari va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi ma’qullandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Dastlab “shaharsozlik qoidalari va sanitariya me’yorlariga javob bermaydigan avtomobillarni saqlash inshootlari” o‘rniga ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalari haqida aprel oyida ma’lum qilingan edi. O‘shanda avtomobil saqlash joylarining ikki, uch va olti qavatli dastlabki loyihalari namoyish etilgan edi.
Hokimning ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi haqidagi qarori poytaxtda so‘nggi ikki yil ichida avtotransport vositalarning soni 20 foizga ko‘paygani bilan asoslangan. 2017-yil 1-mart holatiga poytaxtda 420,1 mingta avtotransport vositasi mavjud bo‘lgan. Savdo markazlari va to‘yxonalar oldida mashinalar qo‘yish uchun joylarning yetishmasligi esa yo‘llarda tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda.
Hujjatda tumanlar hokimlari boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzish ko‘zda tutilgan. Ishchi guruhlar talablarga javob bermaydigan avtomobillar turar joylarini o‘rganish, ularni buzish, yangi turargohlar qurishga tadbirkorlarni jalb qilish, shuningdek, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Ishchi guruhlarga 2017-yilning oxirigacha supermarket va gipermarketlar, shuningdek, to‘yxonalar oldida avtoturargohlar qurish bo‘yicha choralar ko‘rish yuklangan. Bunda oldida turargoh qurish imkoniyati bo‘lmagan obyektlar egalariga faoliyat turini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
Izoh (0)