Odatda ota-onalarda farzandini emlash borasida juda ko‘p fikrlar to‘qnashuvlari yuzaga keladi. Xonanda Lola YuNISEFning O‘zbekistondagi rahbari Sasha Graumann bilan farzandlarni immunizatsiyasi masalasida muhim masalalarni muhokama qildi. Lola bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi va o‘zining bolalarni emlashga doir fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb yozadi “Darakchi.uz”.
“Bu albatta ko‘pchilik ota-onalar o‘rtasida bahsli mavzu sanaladi va men nima yaxshi yoki yomonligini ta’kidlamoqchi emasman. Men shunchaki bu masalada o‘z qarashlarim bilan o‘rtoqlashishim mumkin. Men farzandlarim milliy emlash taqvimiga asosan to‘liq emlangan bo‘lishini ta’minlayman. Har yili immunizatsiya butun dunyoda 2—3 million bolalar hayotini asrab qoladi. Vaksinalar yordamida biz poliomiyelit kabi kasallikdan qutulganmiz. Suvchechak kasalligi yo‘q qilingan. Bizning ota-ona sifatida majburiyatimiz — farzandlarimizni himoya qilish. Shaxsan men vaksinatsiya har bir bolaga hayotining ilk kunlaridan sog‘lom hayot kechirish imkonini berishiga ishonaman. Vaksinalar ish beradi.
P.S.: Farzandingizga qanday vaksina zarurligi yuzasidan shifokoringizga murojaat qiling”, — deb yozadi Lola.
O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya holatni barqaror saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashning zamonaviy tizimi yaratilgan. Milliy emlash taqvimiga muvofiq 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘ndan ortiq kasallikka qarshi emlanmoqda. Milliy emlash taqvimiga kiritilgan immunoprofilaktika tadbirlariga ketadigan mablag‘lar davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Izoh (0)