“Muslimaat.uz” sayti Ramazon oyida bo‘lib o‘tgan tarixiy hodisalar haqida qisqa ma’lumot keltirdi.
Qur’oni Karim xuddi shu oyda nozil bo‘lib, uni Qadr kechasida 26-dan 27-ga o‘tar kechasi yuz bergan deyiladi. Shuning uchun ham bu oy boshqa oylarning mingidan ham yaxshiroqdir.
Beruniy bu borada yozadi: “Avom xalq shunga kelishganlar, chunki ‘Qadr kechasi’ qaysi kecha ekani ma’lum emas. Ba’zilar uni ‘o‘n yettinchi yoki o‘n to‘qqizinchi kechalardan qidiring’, degan. Chunki bu ikkisi orasida Badr voqeasi va Makkani fath etish yuz berib, yordam uchun ‘farishtalar jannatdan tushirib yuborilgan’, deyiladi. Bu to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin, chunki Allohi taolo ‘Shu kecha Robbining izni bilan farishtalar va ruh tushadi, hamma ishlarda tinchlik bo‘ladi’, degan (Beruniy, Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Toshkent, 1968. 393-bet).
Shuningdek, bu oyning oltinchisida Husayn ibn Ali tug‘ilgan, o‘ninchisida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning birinchi zavjalari muhtarama Xadicha vafot etgan kun, o‘n yettinchisining tongida mashhur Badr urishi yuz bergan.
Beruniy kitobining boshqa joyida shuni yozadi: “Ba’zilar (Badr voqeasi) o‘n to‘qqizinchi kuni yuz berdi, deydi. Bu to‘g‘ri emas, chunki u voqeaning ikkinchi hijriy yili (milodiy 623–624) dushanba kuni ro‘y bergani haqida xabarlar ketma-ket ulanib kelgan. Agar Ramazon boshini hisoblab ko‘rsak, uning shanba kuni ekanini ko‘ramiz. Shunda qidirilayotgan dushanba o‘n yettinchiga to‘g‘ri keladi” (O‘sha asar, 392-bet).
Tarixchilarning zikr etishicha, ana shu kuni Abdurahmon ibn Muljim al-Murodiy kelib, Xalifa Ali ibn Abu Tolibning boshiga urib, uni yarador qilgan. Bu esa hijriy 41-yil Ramazon oyining 17-da (milodiy 14.01.661) yuz bergan. Shundan so‘ng Ramazon oyining 21-da (18-yanvar ) bu kishi vafot etgan.
Ramazonning yigirma birida, shuningdek, Imom Ali Rizo vafot etgan. Ba’zilar uni yigirma uchinchi kuni vafot etgan deyishadi. Yigirma ikkinchi kuni ibn Abu Tolib tug‘ilgan kun.
Beruniyda keltirilishicha, Ramazonning yigirma to‘rtinchisida Furqon tushirilgan. Furqon Qur’oni Karimning nomlaridan biri, ya’ni “Ikki narsani orasini ajratib turuvchi” yoki “farq qiladigan narsa” deganidir. Bu bilan musulmon va kofirlarni farqlab turuvchi “muqaddas kitob”, deyish nazarda tutilgan.
Manbalarda Qur’on nozil bo‘lishi haqida ikki xil fikr paydo bo‘lgan. Birida Ramazonning 26-dan 27-ga o‘tar kechasi, Beruniy keltirishicha esa, yigirma to‘rtinchi kuni nozil bo‘lgan. “Ramazon oyi shundayki, unda Qur’on nozil bo‘lgan”. Bu xususda uning Ramazon oyida tushirilgani aniq. Boshqa bir guruh, “Anfol surasi, 41- oyat”: “Bandamizga Furqon ikki to‘da uchrashgan kuni nozil qilgan narsamiz…”, deyilgan. Buni ba’zi tarixchilar Badr jangi munosabati bilan tushgan oyat, deb hisoblaydi. Bunday dalillarni keltirib, Beruniy davom etadi: “Bu bilan Qur’onning o‘n yettinchi kuni tushirilgani isbot etiladi. Chunki bu ikki to‘da Badrda o‘sha kuni uchrashgan. Yana to‘g‘risini Alloh biladi”.
Ramazonning yigirma beshida Abu Muslim Abdurahmon ibn Muslim oshkora ravishda abbosiylar davlatini da’vo qiladi. Yigirma oltinchi kuni esa Ali ibn Muhammad al-Burqiy Basra shahriga bostirib kiradi. U o‘zini Ali avlodlaridan deb ko‘rsatib, xalifalik taxtiga da’vo qiladi. Aslida bu kishi Islomning dastlabki yillarida ham hokimiyat uchun kurashgan shaxslardan edi.
Ramazon oyining muqaddasligiga yana boshqa sabablardan biri, uning birinchi kuni Payg‘ambar Ibrohim alayhissalomga Xudodan bir necha sahifa tushgan. Bu bilan esa kitob nozil bo‘lgan, deb tushuniladi. Ramazon oyining oltinchisida Muso alayhissalomga Tavrot tushirilgan, o‘n ikkinchisida Dovud alayhissalomga Zabur tushirilgan, o‘n sakkizinchisida Iso alayhissalomga Injil tushirilgan.
Izoh (0)