Eron va O‘zbekiston terma jamoalarining JCh—2018 saralashidan joy olgan o‘yini oldidan Samvel Babayan tashabbusi bilan bokschi hamda futbolchilar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar bergan.
6-iyun kungi uchrashuvda o‘zbekistonlik bokschilardan Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Bahodir Jalolov, Murod Ahmadaliyev, Isroil Madrimov va Elnur Abduraimov, shuningdek, murabbiy Rahmatjon Ro‘ziohunov ishtirok etgan. So‘zga chiqqan murabbiy va bokschilar futbol muxlisi ekanliklari haqida aytib, bo‘lajak o‘yinlar oldidan futbolchilarga omad tilagan.
O‘FF matbuot xizmatining xabar berishicha, tadbirda bokschilar futbolchilarga Rio olimpiadasi va Osiyo chempionatidagi hayajonli daqiqalar, musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, g‘alaba va mag‘lubiyatni to‘g‘ri his qilish kabi mavzularda gapirib bergan.
Futbolchilar nomidan gapirgan terma jamoa sardori Odil Ahmedov ham bokschilarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, bundan keyingi musobaqalarda g‘alabalar bardavom bo‘lishini tilagan.
Mazkur uchrashuvdan keyin O‘zbekiston terma jamoasi Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida 2:0 hisobida zafar quchdi. Oldinda ularni Eronga qarshi 12-iyundagi jiddiy bellashuv kutib turibdi.
Izoh (0)