Qirg‘iziston fuqarolari ko‘chki va zilzilada jabrlangan hamyurtlari uchun 38,5 million som (565 ming dollar) to‘pladi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Bugungi kungacha ko‘chkidan jabrlangan Ayu qishlog‘i aholisi uchun ochilgan hisob raqamiga 19,9 million som (292 ming dollar), zilzila ro‘y bergan Chon-Alay tumani aholisi uchun esa 18,6 million som (273 ming dollar) kelib tushdi. Yaqin orada maxsus hisob raqamlarni yopish rejalashtirilmagan, chunki mablag‘ o‘tkazilishi davom etmoqda”, — deyiladi FVV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘sh viloyatining Ayu qishlog‘ida 29-aprelda yuz bergan ko‘chki oqibatida 24 kishi halok bo‘ldi. Viloyatning Chon-Alay tumanida 3-may kuni sodir bo‘lgan 6 magnitudali zilzila tufayli esa bir necha o‘nlab turar-joy va ma’muriy binolar vayron bo‘ldi.