Qatar u bilan barcha aloqalarni uzganini e’lon qilgan mamlakatlar bilan munosabatlarini keskinlashtirmoqchi emas. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad Abdurahmon Al Taniy ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“Qatar vaziyatni keskinlashtirishga qaratilgan choralarni qabul qilmaydi, chunki qardosh davlatlar o‘rtasidagi bunday muammolar muzokaralar davrasida hal qilinishi kerak, deb hisoblaydi”, — dedi vazir “Al-Jazira” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar o‘ziga qarshi bir tomonlama shafqatsiz choralar ko‘rilganiga va ular Fors ko‘rfazi mamlakatlariga salbiy ta’sir qilganiga qaramay, vaziyatni keskinlashtirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va BAA terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Qatar bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi. Ularning qaroriga keyinroq Yaman, Liviya, Maldiv Respublikasi va Mavrikiy ham qo‘shildi.