Qatar hukumati Iroq janubida qo‘lga olingan qirollik oilasi a’zolarini asirlikdan ozod qilish uchun xalqaro terrorchilarga yuzlab million dollar to‘lagan. Bu haqda Financial Times dala qo‘mondonlari va mintaqadagi ma’muriy shaxslarga tayanib xabar berdi.
Nashr ta’kidlashicha, “oldi-sotdi” aprelda bo‘lib o‘tgan. Pul lochin ovi chog‘ida garovga olingan 26 kishini hamda Suriyadagi jihodchilar tomonidan qo‘lga olingan 50 harbiyni ozod qilish uchun sarflangan.
Rasmiy Doha terrorchilar qo‘llab-quvvatlanganini rad etmoqda, ammo amirlik hukumatiga yaqin manba gazetaga ma’lum summadagi pullar o‘tkazib berilganini tasdiqladi. Ozod etish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan ikkala tomondan manbalar ham ta’kidlashicha, 200 dan 300 million dollargacha bo‘lgan mablag‘ avvalroq “Jabhat an-Nusra” sifatida taniqli bo‘lgan “Tahrir ash-Shom” guruhiga to‘langan.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va BAA terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Qatar bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi. Ularning qaroriga keyinroq Yaman, Liviya, Maldiv Respublikasi va Mavrikiy ham qo‘shildi.