O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi G‘ulomjon Ibrohimov hamda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller 2-iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida ikki kompaniyaning strategik hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Gazprom” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hujjat tomonlarning O‘zbekiston hududida gaz infrastrukturasi obyektlari rekonstruksiyasi, qurilishi va ekspluatatsiyasi; uglevodorodlar geologik razvedkasi, qazib chiqarilishi, qayta ishlanishi va saqlanishi; avtonom gazifikatsiyada siqilgan va suyultirilgan gazning qo‘llanilishi; respublikani gaz bilan ta’minlash bosh sxemasini ishlab chiqish sohasidagi yangi loyihalar realizatsiyasidagi o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi.
Aprelda ikki kompaniya “Gazprom” tomonidan O‘zbekistondan 2018-yildan boshlab besh yil ichida 4 milliard kubometr gaz sotib olinishi yuzasidan shartnoma, shuningdek, geologik razvedka ishlari yuritish hamda injiniring-innovatsion ishlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.
2016-yili “Gazprom” tomonidan O‘zbekistondan gaz sotib olinish hajmi 6,2 milliard kubometrni tashkil qildi.
Izoh (0)