Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan yaxshilash haqidagi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Yong‘in xavfsizligini barcha bosqichlarda ta’minlash hamda yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Qarorda mansabdor shaxslar har chorakda o‘z boshqaruvidagi obyekt va hududlardagi yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq ahvolni tanqidiy ko‘zdan kechirishi va tahlildan o‘tkazishi nazarda tutilgan.
Haftaning har seshanbasi yong‘inlar profilaktikasi kuni deb e’lon qilindi.
Yong‘in xavfsizligi xizmati zimmasiga barcha darajadagi hokimlar bilan hamkorlikda ro‘y bergan eng katta yong‘inlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda shu asosda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan yo‘l xaritalari tuzish yuklandi.
Shuningdek, yong‘in xavfsizligi xizmati alohida davlat ahamiyatiga ega obyektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rishi, taktik o‘quvlar va mashg‘ulotlar o‘tkazishi lozim.
Televideniye orqali yong‘inlar bilan bog‘liq hodisalarni yoritishga qaratilgan maxsus ko‘rsatuvlar namoyish etish rejalashtirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimiyatlarida yong‘in xavfsizligi komissiyalari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifalari — yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash, yong‘in xavfsizligi sohasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, qishloq joylarda va olis hududlarda ko‘ngilli yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarining yaratilishiga ko‘maklashish.
Izoh (0)