Rossiyalik uchuvchi Oleg Peshkovni o‘ldirishda ayblangan Turkiya fuqarosi Alparslon Chelik boshqa ish yuzasidan besh yilga qamaldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Izmir sudi uni noqonuniy qurolga ega bo‘lganlikda aybladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2016-yil martining oxirida Chelik va yana 13 kishi Izmir restoranlaridan birida ushlangan. Politsiyachilar ularning yonidan Kalashnikov avtomati, ikkita to‘pponcha va o‘qlar topgan.
Ular yashaydigan joylarning tintuv qilinishi asnosida yangi qurollar topildi.
Sudda Oleg Peshkovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ayblovlar ilgari surilmadi.
Rossiyaning Su-24 samolyoti Turkiya harbiy-havo kuchlari tomonidan Suriya osmonida 2015-yil noyabrida urib tushirilgan edi. Uchuvchilar katapultani ishga tushirishga ulgurdi, ammo ekipaj komandiri Oleg Peshkov yerdan olib borilgan otishma chog‘ida o‘ldirildi. Shturman Konstantin Muraxtin omon qoldi.
Ushbu voqea ikki mamlakat o‘rtasida jiddiy diplomatik nizo keltirib chiqardi.
Izoh (0)