Nyu-Yorkdagi Tayms-skverda piyodalarni urib ketgan mashina haydovchisi politsiyaga “ovozlarni eshitgani” va o‘laman, deb o‘ylagani haqida gapirib berdi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Avtomobil rulida bo‘lgan 26 yoshli Richard Roxas YTHdan so‘ng qochib ketishga uringan, ammo qo‘lga olingan. Ayni paytda u politsiya bo‘linmasida. Roxas alkogol mastlik testidan o‘tgani va natija manfiy chiqqani xabar berilmoqda. Ayni paytda politsiya narkotiklar bo‘yicha test natijalarini kutmoqda.
Huquq-tartibot organlari xodimlaridan biri ma’lum qilishicha, harbiy-dengiz floti faxriysi Roxasni o‘tgan hafta notarial idora xodimiga pichoq o‘qtalgani uchun hibsga olishgan. O‘shanda Roxas uning ustidan kuzatuv olib borilayotgani yuzasidan xavfsiragan.
Gumonlanuvchining do‘stlari harbiy xizmatdan so‘ng Roxas o‘zgarib qolganini aytmoqda. Masalan, u internetda “tentakona narsalar”ni yoza boshlagan. Unda, shuningdek, pul bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan.
Ilgariroq Tayms-Skverda mashina katta tezlikda odamlar guruhini urib ketgani xabar qilingan edi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, bir kishi halok bo‘lgan, 20 kishi jarohatlangan.
Izoh (0)