11-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston–Germaniya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 13-raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maslahatlashuvlarda qatnashish uchun Germaniya tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Andreas Peshke boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomon kun tartibi masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Angela Merkel bir-birlariga tabrik maktublarini yo‘llagani ikki tomon ham serqirra hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratishi hamda turli darajalardagi aloqalarni faollashtirish orqali muhim global va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqlaydi.
TIVdagi fikr almashinuvi chog‘ida 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning amaliy jihatlari keng ko‘lamli hamkorlik qilish uchun yangi istiqbolli yo‘nalishlar, xususan zamonaviy nemis texnologiyalarini jalb qilish orqali qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yaratish va investitsion sohadagi aloqalarni rivojlantirish imkonini yaratadi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Germaniyaning ilmiy muassasalari va o‘quv yurtlari, madaniyat va san’at faollari hamda jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni qo‘llab quvvatladi.
Shuningdek, tashqi siyosat idoralari vakillari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
Maslahatlashuvlarda Germaniya elchisi Naytxart Xofer-Vissing ishtirok etdi.
Izoh (0)