Futbol bo‘yicha Rossiya Premyer-ligasi yakuniga hali uch tur bo‘lsa-da, Moskvaning “Spartak” klubi mamlakat chempionligini rasmiylashtirib qo‘ydi.
27-turga kelib “Spartak” o‘z maydonida “Tom” klubini qabul qildi va 1:0 hisobida zafar quchdi. Uni ta’qib qilib kelayotgan Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi esa o‘z maydonida “Terek”ka imkoniyatni boy berdi — 0:1.
Shu tariqa “spartakchilar” o‘zlaridan keyingi o‘rinda borayotgan jamoadan 10 ochko ilgarilab ketdi va Rossiyaning o‘n karra chempioniga aylandi.
Ma’lumot uchun, Moskvaning boshqa bir klubi “SSKA” olti marta Rossiya chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Zenit”da oltin medallar 4 tan tashkil qiladi. “Lokomotiv” va “Rubin” ikki martadan, “Alaniya” esa bir marta bosh sovringa ega chiqqan.
“Spartak” so‘nggi bor 2001-yilgi mavsumni chempion sifatida yakunlagan bo‘lib, keyingi 16 yil davomida to‘rt marta vitse-chempionga aylandi va bir marta bronza bilan cheklandi. Qolgan mavsumlarda kuchli uchlikka kira olmagandi. Bosh murabbiy Massimo Karrera esa bosh sovrinni moskvaliklarga qaytardi.
Izoh (0)