O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 1-may kuni Ashxobod shahrida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashi ishida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Forumda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi siyosat idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Savdo va investitsiya sohalarida, jumladan qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi va logistika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Olti davlat TIV rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro maydonda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Kengash yakunlariga ko‘ra Qo‘shma bayonot hamda transport va logistika sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)