Joriy yilning 27-aprel kuni Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi aholisining neft mahsulotlari va tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tizimidagi kompaniya va korxonalar tomonidan respublikada aholining neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan kompleks ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining uglevodorod qazib chiqarish ishlari beshta neft-gazli hududda (Ustyurt, Buxoro—Xiva, Xisor, Surxondaryo va Farg‘ona) olib boriladi. Respublika iqtisodiyoti o‘sib borayotganligi munosabati bilan aholining neft mahsulotlariga, ayniqsa avtobenzin va dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Avtotransport vositalarining siqilgan va suyultirilgan gazga o‘tkazilishi, ular sonining ortib borayotganligi avtobenzinga bo‘lgan ehtiyojning pasayishiga imkon yaratmoqda.
Qayd etilganidek, 2010—2016-yillar mobaynida O‘zbekistonda avtobenzin ishlab chiqarish 26,2 foiz, dizel yonilg‘isi 8,3 foizga kamaygan.
“Seminarda biz asosiy e’tiborni neft va gaz zaxiralarini aniqlashga yo‘naltirilgan geologiya qidiruv ishlari, uglevodorod qazib chiqarishning joriy holati, aholini hamda iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qoplash masalalari, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalarga qaratdik”, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev.
Qizg‘in bahs-munozara va amaliy muloqot tarzida o‘tgan seminarda odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pgina masalalar o‘rtaga tashlandi. Deputatlarga aholi tomonidan uchrashuvlar davomida berilgan savollarga konstruktiv javoblar olindi hamda kelgusi faoliyatda sohaga doir masalalarning yechimini topish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.
Seminar yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)