Jasur Abduraimov “Paxtakor” futbol klubida bosh murabbiy vazifasini boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
26-aprel kuni Toshkent shahar hokimi “Paxtakor”ning yangi rahbariyatini rasman tanishtirgandi. O‘sha kunning o‘zidayoq rahbariyat futbolchi va murabbiylar bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Vitse-prezident Bobur Shodiyev bunda klubning yaqin kelajakdagi rejalari borasida fikr bildirgan.
Bosh direktor Umid Ahmadjonovning qo‘shimcha qilishicha, futbolchi va murabbiylar bilan muloqotlar endi doimiy bo‘ladi.
Yig‘ilishda Jasur Abduraimov “Paxtakor” klubining yangi murabbiyi sifatida tanishtirildi. Bunda mutaxassis o‘z lavozimida vaqtinchalik ishlashi aytib o‘tilgan, biroq bu qancha vaqtni o‘z ichiga olishiga oydinlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, 6-aprel kuni Ravshan Haydarov “Paxtakor”ning yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgandi. “Sho‘rtan” (0:3) va “Lokomotiv” (1:2) klublariga qarshi mag‘lubiyatlardan keyin Ravshan Akmalovichga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yilgan.
Jasur Abduraimov esa bunga qadar O‘zbekiston U22 terma jamoasiga ustozlik qilayotgandi. U bir vaqtning o‘zida ikki vazifani bajaradimi yoki amaldagi ish joyidan ariza yozdimi — aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)