Xitoy hukumati tomonidan eng ko‘p qidirilayotgan 100 korrupsionerdan biri Li Shisyao Kanadadan qaytib, o‘zini politsiyaga topshirdi. Bu haqda XXR Kompartiyasining Intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiyasi axborotida qayd etildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
2015-yil aprel oyida Xitoy xorijga qochgan korrupsiya bilan bog‘langan mansabdor shaxslar va Kommunistik partiya a’zolarini tutish bo‘yicha “Samoviy tarmoq” nomi ostidagi kampaniyani boshladi. Xitoy hukumati Interpolga korrupsiyada gumon qilinayotgan eng ko‘p qidirilayotgan 100 kishi nomini taqdim etdi. Interpol ushbu shaxslarga nisbatan “qizil ogohlantirishlar” e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘p yillardan beri Kanadada berkinayotgan Li Shisyao ushbu ro‘yxatning 75-o‘rnida bo‘lgan.
Avval Chjeszyan provinsiyasi Ninbo shahri mol-mulklari bo‘yicha kompaniyada boshqaruvchi bo‘lib ishlagan Shisyao Kanadaga 2009-yil aprelida qochib ketgan.
Ta’kidlanishicha, Li Shisyao 100 qochoq korrupsioner ichida Xitoy hukumati tomonidan mamlakatga qaytarishga erishilgan 40-gumonlanuvchi bo‘ldi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)