Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida Uzbek Tigers — Astana Arlans to‘qnashuvi Rio—2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘stmatovning g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Kunning to‘rtinchi jangida eng yengil vazndagi sportchilar ringga chiqdi — Hasanboy Do‘stmatov va Temirtas Jusupov. -49 kilogrammli bokschilar jangida o‘zbekistonlik sportchi raqibidan har uchala referi qaroriga ko‘ra ustun keldi — 3:0 (50:45, 49:46, 50:45).
Avvalroq Elnur Abduraimov, Abdulhay Shorahmatov va Isroil Madrimov qozog‘istonlik raqiblariga imkoniyat qoldirmay, bir xilda — 3:0 hisobida muvaffaqiyat qozongan, Zuxriddin Mahkamov esa Anton Pinchukdan 0:3 hisobida yengilgandi.
Ma’lumot uchun, tomonlarning Qozog‘istondagi uchrashuvida mezbonlar 4:1 hisobida ustun kelgandi. Toshkentda esa shuning aksi takrorlanib, O‘zbekiston sharafini himoya qilgan jamoa 4:1 hisobida zafar quchdi.
Ma’lumot uchun, Uzbek Tigers bunga qadar Toshkentda Rossiya va Xitoy jamoalarini bir xilda — 5:0 hisoblarida mag‘lub etgandi.
Izoh (0)