IShID jangarilari Mosul shahrining markaziy qismida Iroq politsiyasining olti nafar katta ofitserini qo‘lga oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Iroq federal politsiya xizmati vakili Saad al-Laytiyning ma’lum qilishicha, politsiya ofitserlari, shu jumladan, brigada generali o‘tgan hafta IShIDdan ozod etilgan hududda pistirmada o‘tirgan jangarilar tomonidan asir olingan.
Politsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu hududga nazorat qilish maqsadida kelgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari patronlari qolmaguniga qadar o‘q otgan.
Ayni damda Iroq xavfsizlik kuchlari Mosulning Eski shahar qismidagi dahalarni jangarilardan ozod qilmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar IShID nazoratida bo‘lgan “An-Nuriy” jome’ masjidiga qadar yetib kelgan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu masjidni ozod qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, 2014-yil 29-iyun kuni IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy aynan shu yerda Mosulda xalifalik tashkil etilganini e’lon qilgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)