Sirdaryo viloyati IIB xodimlari Guliston shahrida amalga oshirish rejalashtirilgan bosqinchilikning oldini oldi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Namangan viloyatida yashovchi to‘rt nafar muqaddam sudlangan shaxs o‘zlarini tanitmaslik va iz qoldirmaslik maqsadida yuzlariga niqob taqib, qo‘llariga xo‘jalik qo‘lqoplarini kiyib, tayoq, pichoq va skotchlar bilan qurollangan holda Sirdaryo viloyati Guliston shahri Farhod mahallasida yashovchi fuqaroning uyiga bostirib kirdi.
Sirdaryo va Namangan viloyati IIB xodimlari tomonidan taxminan 02:00 da hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoyatchilar daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan yuqoridagi to‘rt nafar fuqaroga nisbatan Sirdaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)