Tez orada “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayeva Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Mazkur film turmush o‘rtog‘im hamda kaminaning kinoprodyuser sifatidagi ilk loyihamizdir.Lola Karimova-Tillayeva
Buyuk mutafakkir va alloma Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi ushbu film rejissori Bahodir Yo‘ldoshev.
Lola Karimova-Tillayeva Mirzo Ulug‘bek nomi dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Galileo Galiley, Kopernik, Iogann Kepler kabi buyuk allomalar bilan bir qatorda turishini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, filmda Fransiya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Daniya va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.
Chet ellik olimlarning aksari aynan Mirzo Ulug‘bek siymosi sabab mamlakatimizga mehr qo‘yganini e’tirof etgan.Lola Karimova-Tillayeva
Kinokartinani yaratishda Bodlian kutubxonasi (Oksford universiteti), Britaniya muzeyi, Priston universiteti, Griffit rasadxonasi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d’Azur Côte rasadxonasi, Kaliforniya universiteti, Daniyaning The David Collection muzeyi, Oksfordning Ilm-fan tarixi muzeyi, Oksfordning St. John’s kolleji kabi o‘quv yurtlari, muzey va kutubxonalar bisotidan foydalanildi.
Bu ulug‘ inson haqida film yaratish g‘oyasi menda ko‘p yillar avval paydo bo‘lgan. Film ssenariysini hozirlash asnosida ko‘p va xo‘b izlanib, bobokalonimiz hayotini tavallud topgan kezlaridan boshlab qayta tiklashga harakat qildik.Film janr nuqtai nazaridan hujjatli sanalsa-da, unda badiiy vositalardan ham foydalandik. Syomka jarayoniga o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kaskadyorlarni jalb qildik, o‘sha davrga mos tarixiy liboslarni tanlash va tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratdik.
Lola Karimova-Tillayeva
Kinokartinada Vinsent Kassel, Armand Assante, Fransisko Ovalle kabi jahon kinosi yulduzlari, Ma’ruf Otajonov, Javohir Zokirov, Hoshim Arslonov singari milliy kino ustalari suratga tushdi.
Gollivudning “Titanik”, “Olovuddin”, “Gerkules” kabi filmlarga musiqa bastalagan mashhur bastakori Uolter Afanasyev kartina uchun maxsus musiqa yozgan bo‘lsa, xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek filmga o‘zgacha joziba baxsh etdi.
Lola Karimova-Tillayeva film premyerasi haqida keyinroq e’lon qilinishini ma’lum qildi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)