Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi mamlakat Oliy ligasining 3-turidan joy olgan “Dinamo”ga qarshi o‘yinda va nihoyat Damas avtomobilini lotereya sifatida o‘ynaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Mavsumiy abonement yoki oddiy chipta egalari 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yindagi “Omadli muxlis” shousida ishtirok etib, Damas egasiga aylanishi mumkin. Chiptalar 10 hamda 20 ming so‘mdan sotilayotgani ma’lum qilingan.
Muxlislarni Damas’dan tashqari ajoyib sovg‘alar kutayotgani aytib o‘tilgan. Biroq ular nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, muxlislar stadiondagi barcha qulayliklardan foydalanishi mumkinligi yana bir bor eslatib o‘tilgan. Bu qulayliklar aslida nima ekani bu safar ham aytilmagan.
“Paxtakor” Damas avtomobilini “Qizilqum”ga qarshi dastlabki turda o‘ynashi haqida bir hafta jar solib, o‘yin bo‘ladigan kun stadionga kirishni bepul qilib qo‘ygandi. Shu boisdan 1-turda Damas qulog‘ini ushlab ketdi. Qo‘shimchasiga, stadionga oliy o‘quv yurti talabalari majburan olib kelingani borasida xabarlar chiqdi.
“Paxtakor” bu ishni davom ettiradimi yoki yo‘q aniq emas. Shuningdek, o‘yin kunida Damas o‘ynash fikridan qaytib qolinishi ehtimoli qanchalik yuqori ekani ham ma’lum qilinmadi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor”ning 12-mart kungi raqibi “Dinamo” Oliy liga debyutanti bo‘lsa-da, ketma-ket ikki turda zafar quchib, liga peshqadami bo‘lib olgan. “Paxtakor” esa Farg‘onada ochko yo‘qotib ulgurgan.
Izoh (0)