Toshkentning “Paxtakor” klubi O‘zbekiston Oliy ligasining 1-turidan joy olgan uchrashuvda “Omadli muxlis” aksiyasini ishga tushirib, omadli chipta sohibiga Damas avtomobilini berishni va’da qilgandi. Biroq aksiya 12-mart sanasiga qadar kechiktirildi.
27-fevral kuni “Paxtakor” matbuot xizmati “Omadli muxlis” aksiyasi haqida e’lon qilgan bo‘lib, chiptasi bor muxlislarda Damas avtomobilini yutish imkoniyati ham bo‘lishini aytib o‘tgandi. Shuningdek, ular “Paxtakor” stadionidagi barcha qulayliklardan foydalanishlari mumkin, deb yozib qo‘yilgandi. Chiptalar esa 10 va 20 ming so‘m etib belgilangandi.
“Qizilqum”ga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadigan 3-mart kuni esa “Paxtakor” Navoiy klubiga qarshi uchrashuvga kirish bepul ekani haqida yozdi. Bu mavsumning ochilish o‘yini ekani bilan izohlandi. Shuningdek, o‘z-o‘zidan Damas avtomobili 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan “Dinamo”ga qarshi bellashuvga qoldi. Stadiondagi barcha qulayliklar haqida bu safar so‘z bormadi.
Ochilish o‘yini uchun muxlislarni bepul qabul qilish fikri 27-fevralgacha nima sababdan hech kimning xayoliga kelmaganiga oydinlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, “Qizilqum”ga qarshi o‘yin 3-mart kuni 17:00 da start oladi.