Samarqand viloyatida o‘tkazilgan dastlabki “Profilaktika kuni” tadbirlari davomida hududdagi 511 umumta’lim maktabi, 108 kasb-hunar kolleji va akademik litseyda o‘quvchilar davomati o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘rganishlar davomida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan yoki muntazam dars qoldirayotgan o‘quvchilar aniqlanib, 79 ota-ona va ta’lim muassasasining 16 o‘qituvchisi va murabbiyiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan tegishli choralar ko‘rildi.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kelib-ketishini qayd etuvchi “SMS-turniket” qurilmasi va videokuzatuv moslamasi o‘rnatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, aholi bandligi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, 9000 dan ziyod ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi va ularning bandligini ta’minlash yuzasidan tuman va shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarga ularning ota-onalari ham taklif etilib, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, oqibatlari tushuntirildi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)