Angliya Premyer-ligasi 25-turida turnir peshqadami “Chelsi” safarda “Byornli” mehmoni bo‘ldi. O‘yin 1:1 hisobidagi jangovor durang bilan yakun topdi. Uchrashuvning 7 va 24-daqiqalarida kiritilgan gollaridan tashqari, e’tiborga tortadigan voqea 19-daqiqada ro‘y berdi, deb yozadi The Sun.
“Byornli” futbolchisi Eshli Barns Tibo Kurtua qo‘riqlayotgan darvoza tomon zarba yo‘llashga urindi, ammo mo‘ljalda adashdi. Futbolchi tomonidan yo‘llangan zarba “Byornli” muxlislari tribunasi tomon harakatlandi.
To‘p ona qo‘lidagi yosh bola tomon uchib kelayotgandi, ammo sergak muxlis to‘pni qo‘li bilan qaytarib, bolani zarbadan saqlab qoldi.
Mazkur voqeaga turli munosabatlar bildirildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Byornli” muxlisini xaloskorlikda maqtagan bo‘lsa, Twitter foydalanuvchilaridan biri uni “Manchester Siti” posboni Klaudio Bravoga taqqosladi.“Byornli” muxlisi o‘rnida Klaudio Bravoni tasavvur qiling”, – deb hazil izoh yozdi Twitter foydalanuvchisi.
Klaudio Bravo Angliya Premyer-ligasining 19 o‘yinida maydonga tushib, o‘z darvozasidan 25 ta gol o‘tkazib yuborgan. Taqqoslash uchun, darvozabon 2015—2016-yilgi mavsumda “Barselona” safida 19 ta o‘yinda 9 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)