Ispaniya kubogining finalida La liga debyutanti “Alaves” to‘p suradi. Kecha — 8-fevral kuni klub yarim finalda bu jamoa “Selta”ni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Tomonlarning Vigoda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarida hisob ochilmagandi. “Selta” futbolchilari safar o‘yinida ham raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi. Mezbon jamoadan esa Edgar Mendes 82-daqiqadagi goli bilan “Alaves”ni final sari yetakladi.
Avvalroq Kataloniyaning “Barselona” klubi yarim finalning ikki o‘yini natijasiga ko‘ra Madridning “Atletiko” klubidan ustun kelib, finalda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgandi. Qayd etish kerak, “Barselona” Ispaniya kubogining amaldagi sohibi ham hisoblanadi.
“Alaves” hamda “Barselona” o‘rtasidagi Qirol kubogi finali 27-may kuni bo‘lib o‘tadi. Unga qaysi stadion mezbonlik qilishi keyinroq ma’lum qilinadi.
Ma’lumot uchun, shu mavsumdan e’tiboran La liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Alaves” turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turibdi. Birinchi davrada mazkur jamoa “Kamp Nou”da “Barselona”ni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi — 2:1. 11-fevral kuni tomonlar ikkinchi davra doirasida to‘qnash keladi.
Ispaniya kubogi Yarim final 8-fevral, chorshanba
Izoh (0)