Rossiyaning Novosibirsk viloyatida may oyida “O‘zeksport-Sibir” savdo uyi ish boshlaydi. Bu haqda viloyat gubernatori Vladimir Gorodetskiy ma’lum qildi, deb yozadi UzDaily.
O‘zbekiston va Rossiya vakillari Novosibirsk viloyati va Sibir federal okrugining boshqa hududlariga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Gorodetskiy 2017-yilning mayida Novosibirsk viloyatida “O‘zeksport-Sibir” savdo uyi ishga tushishini, u “Impuls” omborxona majmuasi bazasida ishlashini aytdi. Markazning boshlang‘ich quvvati yiliga 75 ming tonna mahsulotni tashkil etadi va ushbu hajmni oshirish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, Novosibirsk viloyati gubernatori so‘zlariga ko‘ra, tomonlar meva-sabzavot mahsulotlarini O‘zbekistondan Rossiyaga temir yo‘l transporti orqali tashish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Novosibirsk viloyati delegatsiyasi gubernator Vladimir Gorodetskiy rahbarligida O‘zbekistonga hukumat taklifi bilan kelgan edi.
Izoh (0)