O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkasi Denis Istominning muvaffaqiyatli yurishi O‘zbekiston tennis terma jamoasini norasmiy jahon chempionatida sifatida e’tirof etiladigan Devis kubogida navbatdagi bosqichga olib chiqqandi.
Bu yo‘lda O‘zbekiston termasi Janubiy Koreyada mehmon bo‘ldi. Sanjar Fayziyevning mag‘lubiyati bilan boshlangan Devis kubogida Denis Istomin ikki raqibdan ustun keldi. Shuningdek, juftlik bellashuvlarida Fayziyevni o‘z yoniga olib, koreyalik sportchilarni taslim qildi. 3:1 hisobi esa o‘zbekistonliklarning muddatidan avval g‘olib chiqqanini bildirardi.
Navbatdagi bosqichda Istomin boshchiligidagi terma jamoa Hindistonga raqib bo‘ldi. To‘qnashuv 7—9-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu yo‘lda hindistonliklar Yangi Zelandiya termasi bilan kurash olib bordi va xuddi O‘zbekiston singari 3:1 hisobida zafar quchishga erishdi.
Ma’lumot uchun, Devis kubogining 2016-yilgi mavsumini O‘zbekiston termasi Xitoyni mag‘lub etish bilan boshlagan bo‘lsa-da, pley-off bosqichida Shveysariya termasiga imkoniyatni boy berib, jahon bosqichida ishtirok etishdan mahrum bo‘lgandi. Yakunda turnir g‘olibligi Argentina terma jamoasiga nasib qilgandi.
Izoh (0)