“G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” (A-380) avtomobil yo‘lining 184-kilometrida, Amu-Buxoro kanali ustida yangi va zamonaviy ko‘prik bunyod etilmoqda. Bu haqda “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi xabar berdi.
2016-yilning iyul oyida hududdagi eski, 1961-yilda qurilgan ko‘prikning bir qismi qulab tushgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Mavzuga doir: Qarshi–Buxoro trassasidagi ko‘prikning bir qismi quladi
Umumiy uzunligi 72,5 metr bo‘lgan yangi ko‘prik ikki tomonlama qatnov qismiga ega bo‘lib, har bir qismining eni 10 metrdan ortiq bo‘ladi. Bundan tashqari har ikkala tomonda ham eni qariyb 1,5 metrdan iborat 2 ta piyodalar o‘tish yo‘laklari qurilmoqda.
Loyihachi va quruvchilar ko‘prikning har tomonlama chidamli bo‘lishiga ahamiyat berganlari holda, uning tayanch qirg‘oqlariga 72 dona beton qoziqlar, o‘rta tayanch qismlariga esa har birining uzunligi 14 metrdan iborat 104 dona metall quvurlar o‘rnatmoqda.
Qurilayotgan ko‘prikni mavjud asosiy yo‘lga bog‘lash maqsadida Buxoro tomonidan 247 metr, Qarshi tomonidan esa 178 metr uzunlikdagi yangi asfaltbeton yo‘l ham qurilmoqda. Qurilish ishlari uchun 40 ga yaqin ishchi-xizmatchilar, haydovchi va mexanizatorlar kunu tun mehnat qilmoqda.Kamoliddin Mahkamov, Qashqadaryo ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi rahbari
Yangi ko‘prikning umumiy loyihaviy qiymati 11,8 milliard so‘mdan ortiq bo‘lib, u Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.