Xalq ta’limi vazirligi hozirgi kunda tizimdagi quyi tashkilotlar, tuman (shahar), viloyat mutasaddi rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, joylarda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish masalasiga e’tibor qaratmoqda. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti rektorining virtual qabulxonasi (www.qabulxona.avloniy.uz) ishga tushirildi. Endilikda, fuqarolar malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslarining tashkil etilishi, masofadan malaka oshirish o‘quv kurslari, diplom va sertifikat olish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita institut rektoridan javob olishlari mumkin.
Shuningdek, Namangan (www.rahbar.namanganvxtb.uz) va Farg‘ona (fargonavxtb.uz/online-murojat/sendmail.php) viloyat xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlarining ham virtual qabulxonalari tashkil etilib, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha ta’lim muassasalarida tajriba tariqasida “Ota-onalar xonalari” tashkil etilmoqda. Ota-onalar istalgan vaqtda bu yerga kelib, o‘zlarini qiziqtirgan masala yuzasidan quyi bo‘g‘indagi rahbar xodimlar bilan muloqot o‘tkazishi mumkin. Bu esa mavjud muammolarni joyida tezkorlik bilan hal qilish hamda oila—mahalla—ta’lim muassasasi hamkorligini kuchaytirish imkonini beradi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)